Home Без рубрики Vadim Abramov qo‘lidagi «qo‘g‘irchoqlar» va O‘zbekistonning sharmandali mag‘lubiyatini yashirishga uringanlar — Abror Imomxo‘jayev

Vadim Abramov qo‘lidagi «qo‘g‘irchoqlar» va O‘zbekistonning sharmandali mag‘lubiyatini yashirishga uringanlar — Abror Imomxo‘jayev

by admin


Kadr: «Championat.asia»
«Bunyodkor» klubining sobiq xodimi, sport jurnalisti Abror Imomxo‘jayev «Championat.asia» saytiga intervyu berdi.

Futbolchilik faoliyatini erta yakunlashiga nima sabab bo‘lgani haqida
8 yoshimda «Paxtakor» futbol maktabiga borganman. Keyinchalik hozirgi Olimpiya zaxiralari kollejiga o‘qishga kirganman. 8-sinfligimda ko‘z nurim xiralasha boshlagan. Shunda shifokorlar futbol bilan shug‘ullanishni to‘xtatishimni maslahat bergan, ya’ni ular to‘pga bosh bilan zarba bermasligimni, agar bunday qiladigan bo‘lsam, ko‘rish qobiliyatim yanada yomonlashishini aytgan. Shundan keyin futboldan ketishga majbur bo‘lganman.

«Bunyodkor»ga kelib qolgani haqida
2006 yil «Quruvchi» («Bunyodkor»ning avvalgi nomi) birinchi ligada harakat qilgan vaqtda jamoani Hikmat Ergashev boshqarib borardi. U, Murod Aliyev, Mirjalol Qosimov va boshqa sohalardan bo‘lgan yana bir qator shaxslar bilan kichik davramiz bor, shu orqali yaxshi tanishmiz. Ular bilan «Quruvchi»ning har bir o‘yiniga borardik va klubning barcha a’zolari bilan tanish edik. Jamoa Oliy ligaga yo‘l olgach, yangi loyiha boshlangan. 

Tashkiliy guruh tuzilgan, unga meni ham taklif qilishgan. Shu tariqa 2006 yildan keyin ancha vaqt «Bunyodkor»da ishladim.
«Bunyodkor» loyihasi mablag‘ jihatidan o‘zini oqlamagandir, biroq futbolning rivojiga hissa qo‘shdi. Jamoa o‘sha vaqtda shakllangan «Paxtakor» monopoliyasiga chek qo‘ydi. Xorijdan futbol yulduzlari va kuchli murabbiylarning kelishi ham o‘zbek futbolida katta burilish yasadi.

Krishtianu Ronalduning Toshkentga tashrifi haqida
Ko‘p mashhur futbolchilarda injiqlik xislatlari bo‘ladi, biroq biz Ronalduda buni sezmaganmiz. Yonidagi odamlar nima degan bo‘lsa barchasini bajargan. U shunday shart bilan kelgandiki, maydonga tushib o‘ynashi mumkin bo‘lmagan. Chunki o‘yin vaqtida jarohat oladigan bo‘lsa, «Real» uning o‘ziga katta jarima solishi mumkin. Esingizda bo‘lsa, o‘sha vaqtda JAR stadioni muxlislar bilan to‘lib ketgandi. Shu sabab uning o‘zi ham qiziqib ketgan va maydonda yosh futbolchilar bilan to‘p tepgan. Meni hayron qoldirgan tomoni shundaki, hozirga qadar Messi bilan Ronalduni shu vaqtga qadar tengma-teng solishtirib kelishgan bo‘lsa, Messi kelganda bu qadar ajiotaj bo‘lmagan. Ronalduning O‘zbekistonda muxlislari bu darajada ko‘pligini bilmagandim.

Tojikistonga qarshi o‘yindagi yirik mag‘lubiyatni e’lon qilish taqiqlangani haqida
Osiyo Kubogi—1996 saralash bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi Tojikistonga to‘qnash kelgan. Dastlabki o‘yin Dushanbeda, javob o‘yini esa Toshkentda bo‘lib o‘tishi belgilangandi. O‘sha vaqtda rahbarlardan biri Tojikistonga qarshi safar o‘yiniga legionersiz, faqat mahalliy chempionat futbolchilari bilan borishni federatsiyadagilarga buyurgan. Bu o‘yinda O‘zbekiston terma jamoasi 0:4 hisobida mag‘lub bo‘lgan. Bu endi siyosiy tomonga o‘tib ketib qoladi: qo‘shni mamlakat, futboli biznikidan bir necha barobar past bo‘lgan jamoaga qanaqasiga yutqazish mumkin? Shu sabab o‘sha mutasaddining o‘zi bu ma’lumot eng yuqori davraga yetib bormasligiga harakat qilgan. 

U vaqtda senzura bor edi. Ularga buyruq berilgan: «Bu natija hech qayerda e’lon qilinishi mumkin emas». Gazetada bu ish oson. Senzuradan o‘tsagina bosmaga ruxsat beriladi, bo‘lmasa — yo‘q. Televideniyeda sport bo‘limi «O‘zbekiston» telekanalida bo‘lardi, ularga aytilgan: «Hech qaysi ko‘rsatuvda o‘yin natijasini bermaysan». Men u vaqtda «TV-2»da (hozirgi «Yoshlar» telekanali) «Futbol olami» ko‘rsatuvini olib borardim. U vaqtda bu kanal faqat Toshkent shahri va viloyatida efirga uzatiladigan, kichik telekanal edi. O‘sha ko‘rsatuvda nafaqat hisobni, o‘sha to‘rttala golni ham ko‘rsatganman. Bu ko‘rsatuvdan keyin katta shov-shuv ko‘tarilgan. Tepadan qo‘ng‘iroqlar bo‘lgan, biroq aybdor topilmagan. Chunki menga bu haqda hech kim aytmagandi.

Mirjalol Qosimov haqida
Qosimovning O‘zbekiston terma jamoasidagi, «Spartak Alaniya»dagi o‘yinini ko‘rganlar yaxshi biladi, hozirgacha o‘zbek futbolida u kabi o‘yinchi yo‘q. Na Odil Ahmedov, na Server Jeparov unga teng kela olgan. Maydonni ko‘rish, jarima to‘plari, aniq uzatmalar va aql — bu borada hech kim unga teng emas.

«Bunyodkor» sobiq rahbari Baxtiyor Boboyev haqida
2006 yildan klubda ishlagan bo‘lsam, uch marta «Bunyodkor»dan ketganman. Mirjalol Qosimov jamoani qabul qilib olgandan keyin matbuot xizmatida mening ishlashimni xohladi. U vaqtda bu lavozimda Mirzahakim To‘xtamirzayev ishlardi. Ochig‘i, u bilan munosabatlarimiz bir voqeadan keyin buzilib ketgan va hozirga qadar yaxshi emas. Mirjalol meni klubga olib kelmoqchi bo‘lgan, biroq Boboyev bunga qarshi chiqqan. Qosimov o‘z gapida turib olgan va uning ra’yiga qarshi chiqa olmay, meni chaqirishgan. Shu tariqa matbuot xizmatida alohida ishlay boshladim: To‘xtamirzayev klub ishlariga javob bergan bo‘lsa, men ko‘proq akademiyada bo‘lardim. Mirjalol Qosimov terma jamoaga o‘tib, klubdan ketganidan keyin Boboyev yil yakunida meni chaqirdi. «Sizni Qosimovning iltimosi bilan olgandik, endi u yo‘q. Bu ishlarni To‘xtamirzayev ham bemalol qilaveradi», dedi. Shundan keyin arizamni yozib chiqib ketdim.

«Bunyodkor» sobiq bosh direktorining shubhali faoliyati borasida
Masalan, maoshlar bilan bog‘liq mojarolarga sabab bo‘lgan Aleksandr Pishurning agenti ham, Simonenkoning agenti ham bitta odam bo‘lgan — Namanganda ishlab ketgan Sefer Alibayev. U Baxtiyor Boboyev bilan juda yaxshi munosabatda edi. Odatda bu qadar yaqin insonlar orasida bunday nizo chiqishi mumkin emas. Menda oxiri shunaqa xulosa paydo bo‘ldiki, balki, shunday qarzdorlik tufayli katta pul undirishdan ikkala tomon ham manfaatdordir? Bu narsa sodir bo‘ldi demoqchi emasman, biroq menda shunday tasavvur qoldi. Axir, yaqin og‘aynisi-ku, qanday qilib bunday voqea bo‘lishi mumkin?

Fan-klub bilan uchrashuv vaqtida bir narsani eshitib qoldik, ma’lum bo‘lishicha, rahbariyat «Biz shu yerda ekanmiz, Mirjalol Qosimov qaytmaydi», deb aytgan ekan. Sababi Mirjalol Qosimov klubda nohaqliklarga yo‘l qo‘yib bermasdi. U oddiy bosh murabbiy emas, menejer edi: o‘yinchi xarid qilishdan tortib tarkibgacha o‘z nazoratida ushlardi. Bu esa klub rahbarlariga ma’qul kelmasdi. Undan ko‘ra ularga «xo‘p» deb turgan murabbiy yaxshiroq.

«Bunyodkor» rahbariyatidagi o‘zgarish haqida
Klub Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazilganidan keyin tashkilot hujjatlarni tekshirishni boshlagan. Aynan nima bo‘lganini bilmayman, tushunishim bo‘yicha ayrim moliyaviy hujjatlar ularni qoniqtirmagan. Ulug‘bek Mirzayev ishdan olingan yig‘ilishda u o‘zining ishdan bo‘shatilishiga nima sabab bo‘lganini so‘radi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi vakili shunday dedi: «Siz biz so‘ragan hujjatlarni vaqtida yetkazib bermadingiz. Shu sabab biz bunday rahbar bilan ishlay olmaymiz». O‘sha yig‘ilishda Ayniddin G‘iyosov direktor etib tayinlandi. Ko‘p o‘tmasdan G‘iyosov sog‘lig‘i sabab umuman ishga chiqmadi. Shundan keyin klub juda qiyin holatni boshdan kechirdi. Direktor yo‘q, muhr yo‘q.

Abramov bilan kelishmovchilik va Maqsudov bilan munosabatlarning buzilishi haqida
Bu orada Vadim Abramov «O‘zbekneftgaz»ga borib shikoyat qilishdan to‘xtamadi: «Mirzayev, G‘iyosov va Imomxo‘jayevlar futbolni odami emas, shu sabab klub shu ahvolga tushdi. Yangi direktor qilib Shuhrat Maqsudovni tayinlang, u futboldan chiqqan». Kunlarning birida Ravshan Ermatov keldi va klubga Shuhrat Maqsudov bosh direktor vazifasini bajaruvchi etib tayinlangani, biroq hali rasman tasdiqlanmaganini ma’lum qildi. Bu haqda buyruq chiqishi bilan Maqsudovning birinchi buyrug‘i meni ishdan bo‘shatish bo‘ldi. Shundan uch kun o‘tib, Mirzayev sudda yutib chiqib, qayta o‘zining joyiga o‘tirdi. Maqsudov esa murabbiylikka ketdi.

Biz Shuhrat bilan 30 yillik qadrdonmiz, aniqrog‘i qadrdon edik. Oilaviy bordi-keldimiz bor edi, juda yaqin edik. Biroq Abramov bilan munosabatim yaxshi emas edi, buni ochiq aytaman. Hujjatlarni ko‘targanda bir narsa meni hayron qoldirgandi. Abramov «Bunyodkor» bilan Superligada 3-o‘rinni egallab, OCHL pley-off bosqichiga yo‘llanma olgandan keyin rahbariyatdan 60-65 million so‘mlik maoshini 150 millionga ko‘tarishni so‘ragan. Rahbar Chempionlar Ligasi guruh bosqichiga yo‘llanma olingan taqdirda bunga rozi bo‘lishini aytgan va qo‘l qo‘ygan. Biroq o‘sha vaqtda hisobchi va moliyaviy menejerga bu maoshni yillik smetadan oshiqcha pul sarflamagan holda qoplash talabini qo‘ygan. Ular qo‘shimcha daromadlarga ishonib, rozilik bergan. 

Abramovga buncha maosh to‘lash uchun esa biror nimadan voz kechish kerak: xodimlar, futbolchilar maoshidan ololmaydi, safarga ajratilgan pullarga tega olmaydi, ta’minotdan kechishgan. Ammo bu vaqtda pandemiya boshlandi, bor homiylar ham yo‘q bo‘ldi, tushum kamaydi. Oxiri shu darajaga yetib bordikki, oziq-ovqat ta’minotidan qarzimiz 300 million so‘mgacha chiqib ketdi. Har kuni ta’minotchilardan tahdid eshitardik: «ertadan ta’minot uziladi». Bu juda qo‘rqinchli holat edi. 

Faraz qiling, akademiya bolalari ertalab turib, oshxonaga tushsa, hech vaqo yo‘q. Bir kuni akademiya murabbiylari o‘sha vaqtda vaqtinchalik rahbar bo‘lganim uchun mendan talab qila boshladi. Shunda vaziyatni tushuntirdim va Abramovga maosh to‘lab berish uchun ta’minotdan voz kechildi, shuning uchun holat shu ahvolga kelganini aytdim. Bu bir zumda Abramovning qulog‘iga yetib bordi. O‘shandan keyin u meni ketkazish harakatiga tushib qoldi. Amallab, Maqsudovni direktorlikka tayinladi. O‘rtada kelishuv bo‘lgan: «o‘tirishing bilan Imomxo‘jayevni ishdan olasan».

Buyruq chiqishi bilan Maqsudov meni xonasiga chaqirdi va bosh direktor o‘rinbosarligidan ketishim kerakligini aytdi. Jahlim chiqib ketdi: «Shuhrat ‘Bunyodkor’ stadioni rahbarini nechta o‘rinbosari bor? To‘rtta. Agar ta’sischi ishdan olmoqchi bo‘lsa, birinchi bo‘lib o‘shalarni oladi. Bizda o‘zi bitta o‘rinbosar bo‘lsa… Undan ko‘ra bu Abramovning istagi ekanini aytib qo‘yaqol», dedim. Shu tariqa tortishib qoldik, arizamni yozdim va chiqib ketdim.

Abramovning «Bunyodkor» ishlariga aralashishdan to‘xtamagani borasida
O‘FA tomonidan terma jamoalar bosh murabbiylari klubda faoliyat yuritishi bekor qilingandan keyin ham Abramov deyarli har kuni jamoada ko‘rinish berardi. Yuqorida aytib o‘tilgan majlisni ham Abramov tashkil qildi. U axir terma jamoa bosh murabbiyi va klubga umuman aloqasi bo‘lmasligi kerak. Matbuotda ham chiqdi: «Abramov ‘Bunyodkor’da o‘ziga zaxira aerodromi tayyorlab ketmoqda», ya’ni Abramov terma jamoaga ketgani bilan, uning yordamchilari Miftaxuddinov va Maqsudov qoladi, biroq jamoani Abramov boshqarishda davom etadi. Xuddi shunday bo‘ldi.

Bilishim bo‘yicha, Abramov o‘yin vaqtida kiyinish xonasiga kirgan va PFL komisarlari bildirishnoma yozib bergan. PFL esa ularni O‘FAga oshirgan. «Men terma jamoa murabbiyiman va har bir kiyinish xonasiga kirishga haqqim bor», deya oxirigacha o‘jarlik qilib turib oldi. Lekin hammasi ma’lum edi, tarkib bormi, boshqasi bormi, hammasini u belgilab berardi.

O‘zbekiston terma jamoasining JCH—2022 2-saralash bosqichida qolib ketishida kimning aybdorligi haqida
Bunga Vadim Abramov aybdor. Assotsiatsiya uning uchun hamma sharoitni yaratib berganidan xabarim bor. Hozir bolalar futboli, tizim, poraxo‘rlik, hakamlar saviyasini aytish mumkin, biroq bu bosqichda qolib ketishimizga bosh aybdor — Abramov.



Source link

You may also like

Leave a Comment