Home Без рубрики U ketdi! Yurakda armon, dilda aytilmagan so‘zlar bilan…

U ketdi! Yurakda armon, dilda aytilmagan so‘zlar bilan…

by admin


O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq sardori — Odil Ahmedov MTJdagi faoliyati yakunlanganini e’lon qildi. Hozir, ko‘plab muxlislar jahl ustida bundan xursand ham bo‘ldi, biroq ishoning vaqt o‘tib biz uni qumsaymiz…

2011-yildagi Osiyo chempionatini «yondirib» tashlagach, Ahmedov o‘ylab o‘tirmay Rossiyadagi yangi proyekt — «Anji»ga yo‘l oldi. Ko‘plab yulduzlar bilan raqobatlashgan bo‘lsada, hech qachon ikkinchi raqamli bo‘lmadi. Mayli, buni muhim emas. Asosiysi, u hech qachon o‘z darajasidan past futbolni terma jamoada namoyish etmadi. O‘zining eng zo‘r yillarida muxlislarimizning ishongan tog‘iga aylandi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi haqida so‘z borar ekan, birinchi navbatda o‘tmishga nazar tashlashimiz shart. Odil Ahmedov bu yillar oralig‘ida turli o‘yinlarda ishtirok etdi, ammo muxlislar nazdida chinakam yetakchi ekanligini isbotlashda davom etdi. Uning o‘yinlari haqida so‘z borar ekan, natijalarga e’tibor bermaslikning imkoni yo‘q.

Terma jamoa safida 100 dan ortiq o‘yin 20 gol. 2011 va 2019-yilgi Osiyo chempionatlaridagi ilk golimizga mualliflik qilgan sardor MTJ uchun boshqa to‘p surmasligini e’lon qildi.

To‘g‘risi, bu biz uchun ulkan yo‘qotish. Hozir, hamma termadan norozi. Buning fonida Odil Ahmedovning oq libosni boshqa kiymasligi sezilmayapti. Shu yoshida ham terma jamoada o‘z o‘rnini yo‘qotmagan yarim himoyachisiz bizga endi oson bo‘lmasligi aniq. Bugungi o‘zbek futboli har yili yangi Ahmedovlarni kashf qiladigan darajada emas. Aslida, Odil singari tug‘ma yetakchilar har kuni ham futbolga kirib kelavermaydi. Buni ko‘p o‘tmay anglab yetamiz.

Men futbolimizning turli vakillari bilan intervyular uyushtirganman. Ishonasizmi, ularning birontasi shu kunga qadar aytilgan vaqtda tashrif buyurmagan. Turli sabablarga ko‘ra, kutirishar edi. to‘g‘ri kelgan. Odil Ahmedov bilan aloqaga chiqdik va intervyuga ko‘ndirdik.
Ertasi kuni kunduzgi 10:00 da suratga olish borasida kelishib oldik. Men odatimga ko‘ra, bir soat avval ofisga yetib keldim. Choy damlam o‘z o‘rnimga o‘tirdim. Savollarimni bir ko‘zdan kechirdim. Keyin, oynadan katta ko‘chaga tikildim. E’tibor berib qarasam, bizga kutgan mehmon 9:30 da tashrif buyurdi. Avvaliga tanimadim. Odil mashinadan tushdi, va qo‘lidagi soatiga tikildi. Ertaroq kelganini sezdi shekilli, yana mashinasiga qaytib o‘tirdi. Menga qo‘ng‘iroq qilmoqchi deb o‘yladim. Yo‘q u telefon qilmadi. Hovliqib pastga tushdim.

Salom berdim nega kelganini aytmagani bilan qiziqdim. Ahmedov esa, samimiy kulib, erta kelgani uchun bezovta qilishni istamaganini aytdi. To‘g‘risi, hayron bo‘ldim. Jurnalistik faoliyatim davomida ko‘plab burni baland futbolchilar bilan suhbat qurganman, lekin ro‘paramda O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori — Odil Ahmedov turar edi. Tepaga chiqdik. Birga choy ichdik. Kameralar o‘rnatilguniga qadar suhbatlashib o‘tirdik. To‘g‘risi, Odil bilan yaqindan tanish emasman, ammo uni yaxshi inson, kuchli shaxs ekanligini tushunib yetishim uchun shu voqeaning o‘zi menga kifoya bo‘ldi. Intervyu yakunlangach, anchagacha suhbatlashib o‘tirdik. Butun SPORTS.uz komandasi o‘zini qiziqtirgan savollarni berdi.

Odil Ahmedov birinchi navbatda kuchli shaxs ekanligini o‘sha kuni tushunib yetdik. O‘z davrining yurtimiz futbolidagi tengsiz charm to‘p ustasi bo‘lishiga qaramay, u hech qachon avvalo inson ekanligini unutmadi. Buni ko‘plab futbolchilar bilan suhbatlashganimda tushunib yetganman. Bugungi futbol avlodi vakillari ham Ahmedovni chinakam yetakchi va yaxshi aka sifatida hurmat qiladi. Mayli, natijalar o‘z yo‘liga, ammo futbolimiz Mirjalol Qosimovdan keyingi o‘rindagi yulduzidan ayrildi. Bunisi aniq.

Bilasizmi, muxlislar futbolni ko‘pincha boshqa tomondan ko‘radi. Keling, insof bilan aytaylik, Ahmedovning o‘z darajasidan pastroq harakat qilgan o‘yinini eslay olasizmi? Mayli, so‘nggi uchrashuvlarni ko‘rsatishingiz mumkin, biroq tez orada 34 yoshni qarshi oluvchi futbolchidan avvalgi darajasini talab qilishdan mantiq bormi? Yillar o‘z so‘zini aytadi. Biz qanchalar buni istasak ham Ahmedov vaqtni quvib o‘tishga qodir emas. Bu uning yagona kamchiligi xolos.

Futbolimiz haqida so‘z borar ekan, aytingchi nega shu kunga qadar birorta charm to‘p ustasi bolalar futboli rivoji uchun Odil singari ulkan ishni amalga oshirmadi? Uning bolalar futboli uchun sarflayotgan pullari, vaqti, asabi haqida nega hech kim fikr bildirmayapti. Hech qanday ochko bermaydigan o‘yinda amalga oshirilmagan penalti Ahmedovning (2007-2021) 14 yillik faoliyatini pisand qilmaslikka bahona bo‘lmaydi.

Qolgan barcha aspektlar borasida Ahmedov muxlislar ishonchini to‘liq oqlashga tirishdi. Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan kichik turnirda jarohatidan to‘liq forig‘ bo‘lmagan bo‘lsada, 3 o‘yinda ishtirok etdi. Sport formasi a’lo darajada bo‘lmasada, o‘yinlarda jamoani yelkasida olib yurishga urindi. Afsuski, futboldagi mag‘lubiyatlarni hazm qilish og‘ir.

Umid qilamanki, UFA Ahmedov bilan chiroyli xayrlashuvni tashkil etadi. Sardorimiz bunga haqli. O‘zbek futbolining ich-ichidan yemirilib ketishida uni ayblash kulgili. To‘g‘risi, Odilning bu tariqa terma jamoa lagerini tark etishi yoqimsiz. U so‘nggi so‘zini aytgani yo‘q edi. Bunisi aniq. Hozir muxlislar alamzada. Balki, shuning ta’sirida 9 raqamli «jangchi»mizning endi madhiya aytayotganini ko‘rmasligimizni chuqur hi etishmayapti. Eslab qoling, hali Ahmedov nomini ko‘p tilga olamiz. Bunaqangi futbolchilar har kuni tug‘ilavermaydi.



Source link

You may also like

Leave a Comment