Home Без рубрики «Shaxtyor»ga qanday kelib qoldi? Terma jamoamiz Saudiyani qanday hisobda mag‘lub etadi? — Sergey Lushchandan javoblar

«Shaxtyor»ga qanday kelib qoldi? Terma jamoamiz Saudiyani qanday hisobda mag‘lub etadi? — Sergey Lushchandan javoblar

by admin


Xabaringiz bo‘lsa kerak, yaqinda o‘zbekistonlik mutaxassis Sergey Lushchan Belarusda ish boshlagani haqida saytimiz orqali xabar bergandik. Aniqrog‘i Soligorskning “Shaxtyor” klubi akademiyasini boshqarishga kirishdi. Shundan beri Sergey Ivanovich bu borada OAVda chiqish qilmagandi.

Nihoyat, Lushchan bizning taklifimizga rozi bo‘lgan holda sports.uz uchun biroz vaqt ajratdi. Avvalo, mutaxassis “Shaxtyor”da qanday qilib paydo bo‘lgani to‘g‘risida gapirdi.
— Taklif kelib tushdi va men bunga rozi bo‘ldim. Bu erda hayron qolardi biror ish yuz bergani yo‘q. Shundoq ham ketishni mo‘ljallab turgandim. Bu orada ayni muddaodek taklif kelib tushdi, — dedi Sergey Ivanovich.

Odatda, biror mutaxassis taklif qilinsa uning oldiga muayyan vazifalar qo‘yiladi va Lushchan ham bundan mustasno emas. Har holda unda akademiyada ishlash borasida etarli tajriba bor.  
— Bolalar futbol maktabida ish tashkil qilish ham rejamda yo‘q emas, — deb mavzuni davom ettirdi, Lushchan. — Asosiy jamoa – bu Belarus futbolining etakchsidir. Endi munosib vorislarni tarbiyalab beradigan maktab bunyod etishning ayni fursati etdi. O‘ylaymanki, “Shaxtyor” rahbariyatining ko‘zlab turgan rejasi aynan shunday bo‘lsa kerak. Nega endi aynan men? Aftidan, kimdir yuqoridagilarga nomzodimni tavsiya qilgan ko‘rinadi. Men bu masalada hammasini miridan-sirigacha sharhlab o‘tirishni istamagan bo‘lardim. Shuni aytishim kerakki, oxirgi paytlarda menda O‘zbekistondan ketish istagi yuzaga kelgandi. 13 yil – bu bir mamlakatda ishlash uchun ancha salmoqli bo‘lgan muddatdir. Umumiy ma’noda hammasini o‘zgartirish istagi menda paydo bo‘ldi va bu istakni amalga oshirish fursati etib kelganini his qildim.

Shuningdek, Sergey Lushchandan “Shaxtyor” akademiyasida qanday sharoitlar yaratilgani bilan ham qiziqib ko‘rdik. Chunki ishlash uchun sharoit va imkoniyat bo‘lmasa, biror natijaga erishish mushkul bo‘lib qoladi.
— Ishlash uchun shart-sharoitlar endi tashkil qilinmoqda. Bizda bitta sun’iy qoplamali, ikkita tabiiy chimli maydonlar bor. Albatta, bolalar va kattalar futboli o‘rtasidagi tafovut juda katta farq qiladi. Buni jismoniy tayyorgarlik, taktik va texnik salohiyatlar bilan bog‘liq bo‘lgan jihatlarda ham ko‘rish mumkin. Bizning vazifamiz oltin oraliqni topishdan iborat. Aytishim joizki, ayni paytda aynan shunday oraliqni topish ustida izlanish olib boryapmiz.

Mening Belarusdagi ishimga keladigan bo‘lsak, bu erda barcha yoshdagi jamoalar bilan ishlayapman. Shunday ekan, ishlar boshdan oshib yotibdi. O‘z o‘rnida ishlar bilan mashg‘ul bo‘lish juda qiziqarlidir. Ish jarayonida “Bunyodkor”da tuzgan reja va loyihalarimni asta-sekinlik bilan amalga tatbiq etib boryapman. Ishonamanki, hamma reja amalga oshadi. Boz ustiga rahbariyat tomonidan ham to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatlashni his etmoqdaman. Kelajagi bor tarkibni tashkil etish ayni muddao bo‘ladi…Shunda  boshqa jihatlar haqida ortiqcha o‘ylanishga ham hojat qolmaydi. Eng asosiysi, odamlar futbolni juda sevishadi. Ular shuning barobarida juda samimiy va tartib-intizomni asosiy o‘ringa qo‘yadilar, — deya fikr bildirdi, mutaxassis.

Ma’lumki, “Shaxtyor” klubida hamyurtimiz Shaxzod Ubaydullaev faoliyat olib bordi. Ammo unga etarlicha imkoniyat berilmagani sababli u Belarusning boshqa bir jamoasi — “Energetik BGU” safiga qo‘shildi. Bobur Abduholiqov ham mazkur klubga ko‘chib o‘tganini bilasiz. Lushchan esa ikkala legionerimiz xususida shunday dedi:
— Bizning legionerlarga kelsak, ularning kelishi hammamiz uchun ayni muddao bo‘ldi. Ikki legioner haqida mahalliy mutaxassislarimizning yaxshi fikr bildirishayotgani ham yuqorida aytgan gaplarimni to‘la tasdiqlaydi. Ahamiyatlisi, ular haqida shu paytgacha birorta ham salbiy fikr eshitganim yo‘q! Qolganlar haqida hozircha aniq bir narsa deyishim qiyin. Chunki ular xususida menda to‘liq taassurot shakllanib ulgurmadi. Lekin, shuni komil ishonch bilan aytamanki, futbolchilarimizning bari Belarusdagi har qanday klubni kuchaytira oladi. Bizdagi har bir mahalliy futbolchi asosan himoya chizig‘i va darvozabon pozitsiyasini sezilarli darajada kuchaytira oladi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi sifatida undan hozirda Saudiya Arabistoni maydonlarida o‘tayotgan jahon chempionati saralash bahslari haqida ham so‘ramasak bo‘lmasdi. U ham bosh jamoamizning o‘yinlarini diqqat bilan kuzatyapti.
— O‘zbekiston terma jamoasi haqida fikr bildiradigan bo‘lsam, hozir hammaning diqqat-e’tibori saudiyaliklarga qarshi o‘tadigan o‘yinga qaratilgan. Shu boisdan ham biznikilarga butun vujudim bilan muxlislik qilib qolaman. Shu paytgacha qo‘lga kiritilgan 15 ochko tasodif emas. Bu terma jamoamizning kuchidan dalolat beryapti. Menimcha, Saudiya Arabistoniga qarshi uchrashuv biznikilarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakuniga etsa kerak. Ishonamanki, O‘zbekiston terma jamoasi bo‘lajak o‘yinda nimalarga qodir ekanligini barchaga namoyish etib beradi, — deydi Sergey Lushchan.

Shuhratbek Jo’rayev



Source link

You may also like

Leave a Comment