Home futbol «Rossoneri» hasrati

«Rossoneri» hasrati

by admin


Futbolchilar orasida irimchilari ko’p. Kim raqamlarning baxt keltirishiga ishonsa, kimlar omadli raqamini o’zi yaratadi.

Masalan, 1958 yilgi mundialda 17 yoshli Pele 10-raqamni abadiylashtirdi. Oradan 60 yil o’tgan bo’lsa-da, hanuz asosiy yulduzlar mazkur raqamni tanlashda davom etyapti. Istalgan jamoa tarixiga nazar solsangiz, bu raqam barcha davrlarda afsonalarga tegishli bo’lgan. Keling, «Milan»ni olaylik.

So’nggi 35 yilda 10-raqam tushirilgan qizil-qora libos quyidagi futbolchilarga nasib qildi: 

Ruud Gullit (1987-1993)

Deyan Savichevich (1992 — 1998)

Roberto Badjo (1996)

Zvonimir Boban (1998 — 2001)

Manuel Ruy Koshta (2001 — 2006)

Klarens Zeedorf (2006 — 2012)

SHundan keyin «rossonerilar» osmonini qora bulutlaridan qoplaganini bilasiz. Inqiroz va moliyaviy feyr-pley qoidasi jamoa brendiga mos yulduzlarni xarid qilishga imkon bermadi. Tarkib yil sayin o’rtamiyonalashib bordi va asr boshida xalqaro maydonni titratgan «qizil-qoralar» uchun ECHL yo’llanmasi orzuga aylandi.

Bu orada 10-raqamni Gana, Yaponiya va turkiyalik futbolchilar elkasida tashidi.

Kevin-Princ Boateng (2012-14)

Keysuke Xonda (2014-17)

Hakan CHalhanoglu (2017-21)

Bu uchlikdan faqat Myonxengladbaxning «Borussiya»sidan xarid qilingan Hakan CHalhanoglu nisbatan yaxshi taassurot qoldirdi. 4 yil davomida jamoa uchun 172 o’yin o’tkazgan turk xavbeki jami 80 ta golda ishtirok etdi. Biroq, Evro-2020’dan keyin CHalhanogluning dushman lageriga ko’chib o’tishi aniqlashdi. U endi «Inter» futbolchisi. Umuman olganda, Hakanning «Milan»ni tark etishi haqida anchadan beri gapiriladi va bu kutilgan voqea edi. «Rossonerilar»ni shokka tushirgan xabar keyinroq chiqdi: «Milan»da 10-raqamning yangi sohibi malum.

Ha, futbol tarixidagi eng sovrindor jamoalardan biri asosiy raqamni «Real»ning zaxira o’rindig’ida ham joy topolmagan Braim Abdelkader Diasga berib yubordi. Bu yangilik jamoa muxlisi sifatida achchig’imni chiqargani rost. Keyin «boshdan do’ppini olib» o’ylab ko’rsam, Andrey SHevchenkoning raqami bugun asosiy tarkibga muqim o’rnasholmayotgan Samu Kastilexoda, afsonaviy Jennaroniki 21 yoshli Tonalida ekan. Sardor esa Romanolli, Paolo emas. Xullas, «Milan»ning shonli tarixi allaqachon tarixda qolib ketibdi. Jamoaning so’nggi mavsumdagi o’yini yorqin xotiralarni yodga solgan bo’lsa-da, bu yil yana sovrinli o’rinlardan chetda qolishi mumkin. Qanchalik achchiq bo’lmasin, bu haqiqat. Ortiq Kaka, Kafu, Inzagi, Maldini-yu Nestalar yo’q. 39 yoshli Zlatanning elkasiga osilib olgan Dias, Salemakers, Krunich-u Kalulular bor xolos. Alamli!

P.s. Yaxshiyam Franko Barezi va Paolo Maldinining raqami «muzlatilgan»…

You may also like

Leave a Comment