Home Без рубрики O‘zbekiston OTMlariga qabul kvotalari tasdiqlandi

O‘zbekiston OTMlariga qabul kvotalari tasdiqlandi

by admin


O‘zbekiston Prezidenti 24 iyun kuni «2021/2022-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi, deb xabar beradi O‘zA.

Hujjatga ko‘ra, 2021/2022-o‘quv yili qabulidan boshlab davlat granti asosida kadrlarni tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasi O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari uchun ham shakllantiriladi.

2021/2022-o‘quv yili uchun davlat buyurtmasi parametrlari:
a) bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha:

  • kunduzgi ta’lim shakliga — 113 530 nafar (o‘tgan yili — 103 575);/li>
  • sirtqi ta’lim shakliga — 37 675 nafar (31 350);
  • kechki ta’lim shakliga — 6 550 nafar (5 025);

b) magistrlar tayyorlash bo‘yicha — 12 900 nafar (10 425);
v) filiallar va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida davlat granti asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha — 500 nafar etib tasdiqlandi.
Filiallar va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida davlat granti asosida kadrlarni tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasi vazirlik, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib shakllantiriladi.

Filiallar va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan va o‘qishni tamomlagandan so‘ng kadrlar buyurtmachisi tizimida 5 yildan kam bo‘lmagan muddat davomida ishlab berish istagini bildirgan abituriyentlar bilan uch tomonlama (kadrlar buyurtmachisi—talaba—oliy ta’lim tashkiloti) shartnoma tuziladi.

Filiallar va nodavlat oliy ta’lim tashkilotiga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan abituriyentlar kadrlar buyurtmachisi bilan shartnoma imzolash istagini bildirmagan taqdirda, shartnoma tuzish huquqi kirish imtihonlarida to‘plagan ballar ketma-ketligiga mos ravishda keyingi o‘rindagi abituriyentga beriladi.

Davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilingan talabalarning o‘qitish xarajatlari kadrlar buyurtmachilari tomonidan Davlat budjeti parametrlarida mazkur maqsadlar uchun nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.

Abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish 2021 yilning 22 iyunidan 22 iyuliga qadar (22 iyul kuni ham) bo‘lgan muddatda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali amalga oshiriladi.

Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan qo‘shimcha 2 000 ta davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari ajratiladi.

Samarqand viloyati Urgut tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda ta’lim tizimida kadrlar qo‘nimsizligini kamaytirish maqsadida bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan mazkur tuman uchun qo‘shimcha 100 ta davlat granti asosidagi maqsadli qabul ko‘rsatkichlari ajratiladi.
Abituriyentlarga test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi hamda fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etish huquqi beriladi.

Abituriyentlarga ro‘yxatdan o‘tish jarayonida tanlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ustuvorligiga qarab dastlab davlat granti, keyinchalik to‘lov-kontrakt asosida tanlovda ishtirok etish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyat beriladi.

2021/2022-o‘quv yili qabulida:

  • davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura (klinik ordinatura) mutaxassisliklariga o‘qishga qabul qilish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Bunda, birinchi bosqichda davlat oliy ta’lim muassasasi tomonidan tanlangan mutaxassislikka mos fanlar bo‘yicha kirish imtihonlari, ikkinchi bosqichda Davlat test markazi tomonidan chet tili bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladi;
  • magistratura (klinik ordinatura)ga o‘qishga qabul qilishda chet tili bo‘yicha tegishli darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega abituriyentlar ikkinchi bosqichda chet tilidan test sinovini topshirishdan ozod qilinadi va ularga mazkur fan bo‘yicha maksimal ball beriladi;
  • magistratura (klinik ordinatura) mutaxassisligiga mos fanlar bo‘yicha imtihonlar natijalari imtihon o‘tkazilganidan keyin uch kun muddatda davlat oliy ta’lim muassasasi tomonidan idoralararo elektron axborot almashinuv tizimi orqali Davlat test markaziga taqdim etiladi hamda mazkur muassasaning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi;
  • abituriyentning chet tili bo‘yicha test sinovidan to‘plagan ballari to‘g‘risida ma’lumot test sinovlari o‘tkazilgan kunning ertasiga hamda magistratura (klinik ordinatura) qabuli bo‘yicha tanlov natijalari test sinovlari to‘liq yakunlangandan so‘ng bir hafta muddatda Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Shuningdek, 2021/2022-o‘quv yili qabulidan boshlab:

  • abituriyentdan alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilishda kasbiy (ijodiy) imtihonlardan so‘ng majburiy uchta — ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi fanlari bo‘yicha Davlat test markazi tomonidan test sinovlari o‘tkaziladi;
  • qonunchilik hujjatlariga muvofiq oliy ta’lim muassasalariga imtihonlarsiz davlat granti asosida o‘qishga kirish bo‘yicha imtiyozga ega bo‘lgan shaxslar umumiy qabul parametrlaridan tashqari qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi;
  • xorijiy fuqarolarni davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish belgilangan tartibda o‘tkaziladigan suhbat natijalariga ko‘ra oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i asosida amalga oshiriladi;
  • magistratura (klinik ordinatura) mutaxassisliklariga qo‘shimcha qabul parametrlari asosida o‘qishga qabul qilingan abituriyentlarning to‘lov-kontrakt summasi bir talabaga to‘g‘ri keladigan real xarajatlardan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasasi tomonidan mustaqil belgilanadi.

Qarorda 2022/2023-o‘quv yili qabulidan boshlab, davlat oliy ta’lim muassasalariga, ular minimal talablarga javob bergan taqdirda, yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ta’lim faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi.



Source link

You may also like

Leave a Comment