Home Без рубрики O‘zbekiston keyingi rasmiy uchrashuvni qachon o‘tkazadi?

O‘zbekiston keyingi rasmiy uchrashuvni qachon o‘tkazadi?

by admin


Terma jamoamiz JCH saralash ikkinchi bosqichidan o‘rin olgan oxirgi bahsni yirik hisobda boy berib keyingi raundga chiqa olmadi.

Albatta, natijadan hammamiz xafamiz. Jahon chempionati kamida yana to‘rt yilga armon bo‘ladigan bo‘ldi. Lekin hayot davom etadi. JCH saralash keyingi bosqichiga yo‘l olgan jamoalar 2 sentabrdan kurashni davom ettiradi. Xo‘sh, qolganlar-chi?

Keyingi bosqichga o‘ta olmagan jamoalar orasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham bor. Shunday ekan savol tug‘ilishi mumkin, biz keyingi rasmiy o‘yinni qachon va kim bilan o‘ynaymiz? Shunisi ma’lumki, O‘zbekiston MTJ buyog‘iga faqat Osiyo Kubogi-2023ga chiqish uchun kurash olib boradi.

Jahon chempionatiga saralashning navbatdagi raundiga Osiyodan 12 jamoa yo‘l oldi va bu jamoalar avtomatik ravishda Osiyo Kubogi-2023 yo‘llanmasiga ega bo‘lishdi: Suriya, Avstraliya, Eron, Saudiya Arabistoni, Yaponiya, BAA, Janubiy Koreya, Xitoy, Iroq, Ummon, Vetnam va Livan.

2023 yil Xitoyda o‘tkaziladigan Osiyo Kubogida jami 24 jamoa qatnashishini hisobga olsak, buyog‘iga yana 12ta jamoani aniqlab olish qoladi. Demak, mana shu 12ta jamoani saralab olish uchun OFK saralashni davom ettiradi.

Osiyo Kubogiga saralashning bu bosqichida 24 jamoa to‘rttadan 6 guruhga bo‘linadi. Har bir guruhdan birinchi-ikkinchi o‘rin egalari, ya’ni 12ta terma jamoa Osiyo Kubogiga yo‘llanma oladi.

O‘zbekiston 1-savatchada bo‘ladi 
Osiyo Kubogining navbatdagi saralash o‘yinlari 2022 yilning fevral oyida start oladi. Bu degani biz shu yil oxirigacha boshqa rasmiy bahsda maydonga tushmaymiz. Osiyo Kubogi-2023 saralash bosqichi qur’asidan oldin jamoalar 6tadan to‘rtta savatchaga bo‘lib chiqiladi. Hozircha keyingi bosqichda o‘ynaydigan 24 jamoadan 15tasi ma’lum. Qolgan jamoalar pley-off bahslaridan so‘ng kurashga qo‘shiladi.

Birinchi savatcha: O‘zbekiston, Iordaniya, Bahrayn, Qirg‘iziston, Falastin, Hindiston. 
Ikkinchi savatcha: Tailand, Tojikiston, Filippin, Turkmaniston. 
Uchinchi savatcha: Quvayt, Afg‘oniston, Malayziya, Singapur. 
To‘rtinchi savatcha: Mo‘g‘uliston.
 

Muallif: Xayrulla Xoliqov



Source link

You may also like

Leave a Comment