Home Без рубрики «O‘zbek Maradonasi»dan haqiqiy vatanparvargacha: O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardorlari haqida

«O‘zbek Maradonasi»dan haqiqiy vatanparvargacha: O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardorlari haqida

by admin


Kollaj: «Daryo» / Muhammadqodir Sobirov
O‘zbekiston terma jamoasi 2022 yilda Qatarda bo‘lib o‘tadigan Jahon Chempionatini (ham) uyda tomosha qilishi aniq bo‘lganiga ham tez orada bir oy to‘ladi. O‘shanda milliy terma jamoa Saudiya Arabistoniga sharmandali hisobda yengilgandi. Negadir mag‘lubiyat, aniqrog‘i, termaning (yana) JCHga chiqolmagani shu safar ko‘pchilik qatori meni ham unchalik katta qayg‘uga qo‘ymadi.

Go‘yo hammasi shunday bo‘lishi kerakdek… Bundan oldingi yillarda yakun shunday bo‘lgan bo‘lsa-da, ko‘ngil qurg‘ur so‘nggi pallagacha nimadandir umid qilishdan to‘xtamasdi. Bu safar esa hammasi boshqacha bo‘ldi, hatto o‘sha oqshomda tanishlarim orasida Saudiyaga muxlislik qilganlar ham topildi. Menimcha, muammomiz ham aslida shunda bo‘lsa kerak. Hay, mayli, hali eskirib ulgurmagan yaralarni yangilashdan va ularga tuz sepishdan ma’ni yo‘q. O‘sha mashhur filmda aytilganidek, buyog‘iga endi faqat «ishlash kerak, ishlash kerak».

Men ko‘proq milliy jamoaning ko‘p yillik fidoyi sardori Odil Ahmedov o‘zi munosib bo‘lmagan tarzda jamoadan ketganiga achinyapman. U bunday (xuddi bir ayb ish qilib qo‘ygan bola kabi boshi egik holda) ketishga loyiq emasdi. Inkor etib bo‘lmas bir jihat bor, so‘nggi 10 yillikda terma jamoaning o‘yini aynan Odilga bog‘liq edi, u ham maydonda, ham uning tashqarisida haqiqiy sardor edi. Odil ketdi, xo‘sh endi sardor kim bo‘ladi? Sardorlik bog‘ichining kimga topshirilishi ham xuddi termaga qaysi murabbiy kelishi kabi noma’lum. Ammo Ahmedovdan oldin qaysi futbolchilar sardorlik «yuk»ini ko‘tarib yurganini yodga olish ortiqcha mahorat talab etmaydi. Shunday ekan, O‘zbekiston terma jamoasining barcha davrlardagi taniqli sardorlari haqida fikr yuritishning ayni vaqti.

Mirjalol Qosimov
«O‘zbek Maradonasi» deb nom berilgan Mirjalol Qosimov faoliyatini 2006 yilda yakunlagan bo‘lsa-da, futbol muxlislari hamon uning maydondagi betakror harakatlarini qo‘msashini ta’kidlab keladi. Buni tushunish mumkin, boisi o‘tgan vaqt davomida mamlakatda bir o‘zi o‘yin taqdirini hal qila oladigan va jamoadoshlarini o‘z orqasidan yetaklaydigan o‘yinchilar yetishib chiqqani yo‘q deb aytish noto‘g‘ri bo‘lmaydi.

Qosimov davrida standart vaziyatlar terma jamoaning eng katta ustun tomoni edi. Qosimov ularni shu qadar aniqlik va nafislik bilan amalga oshirar ediki, hatto darvozabonlar ham uning zarbalariga shunchaki mahliyo bo‘lib qolardi. Shuningdek, u maydon markazidan turib, butun bir o‘yinni nazorat qilib turardi. Uning zargarona uzatmalaridan so‘ng gol urishdan ko‘ra gol ura olmaslik qiyinroq edi.

Qosimov butsalarini mixga ilgach, murabbiylik faoliyatini boshladi. U qisqa vaqt mobaynida «Bunyodkor» va terma jamoani boshqarib, qoniqarli natijalarga erishdi deb aytish mumkin. Mirjalol Qosimov hozirda Olmaliqning «OKMK» jamoasiga ustozlik qilmoqda. Uning terma jamoadagi statistikasi quyidagicha bo‘lgan: 67 o‘yin, 31 gol.

Maksim Shatskix
Faoliyatining deyarli butun qismini Rossiya va Ukrainada o‘tkazgan Shatskix O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi. Maksim terma jamoada 20 yoshida debyut qilib, 60 o‘yinda 34 ta gol urgan. Uning maydondagi ustun tomonlari sifatida gol sezish qobiliyati va ikkinchi qavatda yaxshi o‘ynay olishini ko‘rsatish mumkin edi. Shatskix garchi terma jamoaga uzoq vaqt davomida sardorlik qilmagan bo‘lsa-da, har doim o‘z o‘rniga ega bo‘lib kelgan. Uning hamon to‘purarlar ro‘yxatini boshqarayotgani ham bunga isbot bo‘la oladi.

Server Jeparov
Server Jeparov ham uzoq yillar davomida O‘zbekiston milliy terma jamoasiga sardorlik qilgan va jamoaning eng muhim o‘yinchilaridan biri bo‘lgan. Ikki bor Osiyoning eng yaxshi futbolchisi (2008 va 2011 yillarda) deb topilgan Jeparov maydon markazida o‘yinning borishini nazorat qilardi va aqlli paslari bilan hujumchilarni qulay vaziyatlarga olib chiqardi. Bugungi kunda O‘zbekiston U-14 terma jamoasiga murabbiylik qilayotgan Jeparov 127 ta bahsda maydonga tushib, 27 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan.

Qayd etish joiz, Jeparov 127 ta o‘yini bilan terma jamoa rekordchisi hisoblanadi. Terma jamoadagi o‘yinlar soni bo‘yicha uning eng yaqin ta’qibchisi Timur Kapadzening (faoliyatini yakunlagan) ko‘rsatkichi esa 119 taga teng. Aytarlik hech qanday (katta) natijaga erishmagan bo‘lsa-da, Jeparovning ham termadagi faoliyatini qoniqarli baholash mumkin. Bunday deyishga birgina sabab qilib, hozirgi tarkibda u kabi kreativ futbolchining yo‘qligini ko‘rsatish kifoya qiladi.

Odil Ahmedov
Va nihoyat terma jamoaning so‘nggi sardori Odil Ahmedov haqida. Ahmedov har doim maydonda fidoyiligi va o‘zini ayamasligi bilan ajralib turgan. U o‘zi maydonga tushgan o‘yinlarning hech birida shunchaki harakat qilmagan, balki haqiqiy jangchi sifatida maydonning har bir qarich yeri uchun kurashgan. Va aynan shuning uchun uni barcha muxlislar birdek qadrlagan. So‘nggi yillar davomida terma jamoani shunchaki Odil Ahmedovsiz tasavvur qilish imkonsiz bo‘lganini hech kim inkor qila olmaydi. Afsuski, u o‘zi munosib bo‘lgan holatda ketmadi, u bundan ko‘prog‘iga loyiq edi…

Terma jamoaning sobiq futbolchisi va hozirda «Qo‘qon-1912» jamoasini boshqarayotgan Baxtiyor Ashurmatov Ahmedovga shunday bir ta’rif berdiki, yana nimadir qo‘shimcha qilishga hojat qolmadi.

«Odil Ahmedovning vatanparvarligiga qoyil qolish kerak. U Saudiya Arabistoni bilan o‘yindan oldin zaxirada o‘tirishga tayyorligini ham aytgan. Ammo murabbiylar uni bir necha oylardan beri o‘ynamagan pozitsiyasiga tushirdi. Muxlislar undan norozi bo‘lmasliklarini so‘rardim. Chunki Odil bu vaziyatda aybsiz aybdor bo‘lib qoldi».

2007 yilda O‘zbekiston milliy terma jamoasida debyutini o‘tkazgan Odil shu vaqtga qadar 108 o‘yinda maydonga tushib, 20 ta golga mualliflik qilgan.

Bilol Erkin tayyorladi



Source link

You may also like

Leave a Comment