Home Без рубрики “Jenoa” Shomurodovga Ukrainadan raqobatchi olib kelmoqda

“Jenoa” Shomurodovga Ukrainadan raqobatchi olib kelmoqda

by admin


Yevropa kuchli beshlik jamoalari kelasi mavsumga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Aksariyat klublar oldidagi vazifasidan kelib chiqib, tarkibni kuchaytirishga, transferlardan foyda olishga, o‘zlariga kerakli bo‘lgan futbolchilarni topishga harakat qilmoqda.

Eldor Shomurodov to‘p tepayotgan “Jenoa” ham kelasi mavsumda avvalgisidan  yaxshiroq natija qayd etishni maqsad qilgan.
Ma’lumki, o‘tgan chempionatda asosan A Seriyadagi joyini saqlab qolish uchun kurashgan “Jenoa” 10 ta g‘alaba, 12 ta durang va 16 ta mag‘lubiyat qayd etib, jami 42 ochko bilan 11-o‘rinni egallagan va vazifani uddalagan edi.

Davide Ballardini shogirdlarining yangi chempionatdagi eng asosiy vazifasi o‘zgarmaydi, ya’ni jamoa yuqori ligada ishtirok etish huquqini yana saqlab qolishi kerak bo‘ladi. Biroq, genuyaliklar o‘yin sifatini oshirgan holda yanada yuqoriroq pog‘onalar, hatto Yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun kurashishi mumkin. Chunki A Seriyada kuchli yettilikka kirgan jamoalar xalqaro musobaqalarda qatnashadi.
Ana shu maqsadlar sari kurashishi kutilayotgan “Jenoa” klub rahbariyati tarkibni kuchaytirishga qaratilgan bir necha transferlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Xususan, Kiyevning “Dinamo” jamoasidan Vladimir Supryaga Genuyaga taklif etiladi. Ukrainalik hujumchi anchadan beri Italiya klublari nishonida turibdi. Kiyevliklar bir yil oldin 21 yoshli hujumchi uchun 10 million yevro taklif qilgan “Bolonya”ga uni sotmagan edi. Bu yil esa, iste’dodli futbolchiga genuyaliklardan tashqari “Torino” ham jiddiy qiziqish bildirmoqda.

Vladislav Supryaga yakunlangan mavsumda “Dinamo Kiyev” tarkibida barcha turnirlarda 31 ta uchrashuv o‘tkazib, raqiblar darvozasini uch marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga besh marta golli pas oshirdi. Kiyevliklar bilan birga Ukraina chempionati, mamlakat kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritdi.

Umuman olganda, hujum “Jenoa”ning raqobat katta bo‘lgan eng kuchli chizig‘i hisoblanadi. Asosiy tarkibga kirish uchun o‘zbekistonlik Eldor Shomurodov, makedoniyalik Goran Pandev,  italiyalik Janluka Skamakka, Mattia Destro, xorvatiyalik Marko Pyatssa o‘zaro raqobatlashmoqda. Ularning aksariyati o‘z mamlakatlari terma jamoalarida to‘p tepmoqda. Supryaga “Jenoa”ga kelgan taqdirda ham o‘zini ko‘rsatishi uchun o‘zidan tajribali bo‘lgan shu hujumchilarni raqobatda yengishi talab etiladi.

“Jenoa” rahbariyati Eldor Shomurodovning muvaffaqiyatli o‘yinlarini inobatga olgan holda, o‘zbek futboliga e’tibor qarata boshlaginini alohida ta’kidlash lozim.

Genuyaliklar “Paxtakor”ning iste’dodli himoyachisi Ibrohimxalil Yo‘ldoshevga qiziqayotgani va toshkentliklar bilan muzokaraga kirishgani haqida xabar berilgan edi.

Bu xabarni 20 yoshli futbolchimiz hamkorlik qilayotgan Rossiyaning ProSportsManagement agentlik kompaniyasi mutaxassisi Qahhor Mo‘minov ham tasdiqladi. Bundan tashqari, bu agent Ibrohimxalil Yo‘ldoshevga boshqa jamoalardan ham aniq chorlovlar bo‘layotgani va “Jenoa” o‘zbek futbolchisini qo‘lga kirita olmasligi mumkinligini ham qo‘shimcha qilgan edi.

Shu o‘rinda, ProSportsManagement agentlik kompaniyasi Eldor Shomurodovning “Rostov”ga va “Jenoa”ga transferlarini amalga oshirgan tashkilot hisoblanishini ham aytib o‘tish joiz.

O‘z navbatida, Eldor Shomurodovga “Yuventus” va “Roma”dan qiziqish bo‘layotgani haqida ham ma’lumotlar tarqatilmoqda. Biroq, “Jenoa” rahbariyati o‘zbek hujumchisini yozgi transferlar vaqtida qo‘yib yubormaslikka qaror qilgan. Ular kelasi mavsumda ham legionerimiz xizmatidan foydalanmoqchi. Ular Italiya futboliga moslashib olganidan keyin chempionat oxirida to‘purarlik mahoratini namoyish qilgan Shomurodov yangi mavsumda ham o‘zini ko‘rsata olishiga va uning transfer narxi sezilarli darajada ortishiga ishonch bildirmoqda.

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, Yevropa klublarining darajasidan qat’i nazar o‘zbekistonlik charm to‘p ustalariga  e’tibor qaratayotganini ijobiy baholash kerak. Kuchli chempionatlarga qancha ko‘p futbolchi chiqarsak, terma jamoamiz foydasiga ishlaydi. Milliy chempionat va Osiyo futbolidagi o‘yinchilardan tarkib topgan terma jamoamiz bilan mundialga chiqa olmasligimizni vaqt bir necha marotaba ko‘rsatib qo‘ydi.



Source link

You may also like

Leave a Comment