Home Без рубрики Hojimat Erkinov: «O‘sha mahalda qo‘rqinchli hayajon bo‘ldi»

Hojimat Erkinov: «O‘sha mahalda qo‘rqinchli hayajon bo‘ldi»

by admin


O‘zbekiston milliy terma jamoasining Singapurga qarshi o‘yinida zaxiradan maydonga tushirilgan Hojimat Erkinov afsuski jarohat olib safdan chiqdi.

Natijada u Toshkentga qaytib ketdi. Bunday pallada futbolchiga oson tutib bo‘lmaydi. Birinchidan jarohat, ikkinchidan jamoaga yordam bera olmaslik – bu har qanday o‘yinchiga og‘ir. Buni Erkinov ham yaxshi his qilib turibdi. Sports.uz muxbiri Toshkentda davolanayotgan ushbu futbolchi bilan aloqaga chiqdi.

— Singapurga qarshi o‘yindagi jarohat tufayli tarkibdan chetga chiqib qoldingiz. O‘sha holatda ham og‘riq jiddiymidi?
— Ushbu vaziyatni eslaydigan bo‘lsam, orqada oyog‘im qolib ketdi va qayrilib ustiga tushdim. Boshida unchalik og‘riq bo‘lmadi. O‘rnimdan turib oyog‘imni bosganimda og‘riq bilindi. Natijada o‘yinni davom ettira olmasligimni tushundim. O‘sha mahalda to‘g‘risi biroz qo‘rqinchli hayajon bo‘ldi. Oldin menda sira bunday bo‘lmagan.

— Jarohat tufayli sizni Toshkentga qaytarishdi. Bu qaror kimdan chiqdi va kayfiyatingizga ta’sir qildimi?
— Toshkentga qaytarish tashabbusi hammadan chiqdi. Bu haqda barcha o‘ylab ko‘rdi, har tomonlama. O‘zim ham o‘yladim. Tezroq safga qaytishim uchun darhol Toshkentga qaytib muolajalarni boshlashim kerak edi. Albatta, bunday holat kayfiyatga ta’sir qildi. Uydan yaxshi niyatlar bilan yo‘lga chiqqandim. Terma jamoamiz bilan birga uchta uchrashuvda g‘alaba qozonib yorug‘ yuz bilan qaytib kelishni niyat qilgandim. Jamoadagi akalarimga omad tilayman. Xudo xohlasa, yuzlari yorug‘ holatda qaytishadi.

— Hozirda davolanish qanday kechyapti? Bu borada sizni kim nazorat qilib turibdi?
— Jarohatimga kelsak, hozir ancha yaxshi. Kundan-kunga ijobiy tomonga o‘zgarib boryapti. “Paxtakor” klubidagi shifokor bilan milliy terma jamoamizdagi bosh shifokor Abror aka Pirriyev nazorat qilib turishibdi.

— Bu jarohatingizdan keyin “Paxtakor” klubidagilarning munosabati qanday bo‘ldi va endi sizni qachon maydonda ko‘rishimiz mumkin?
— “Paxtakor” klubi faqat tezroq sog‘ayib, qaytishimni istayapti. Bu futbolda bo‘lib turadigan vaziyat. Xudo xohlasa, bir-ikki haftalarda maydonga qaytsam kerak.

— Vadim Abramov sizdan sehrli tayoqcha sifatida foydalanmoqchi edi. Ammo jarohatingiz rejalarni o‘zgartirib yubordi. Bu borada bosh murabbiy sizga nima dedi va jamoadoshlaringizning o‘yinini televizor qarshisida kuzatish qanday tuyulyapti?
— Birinchi o‘yinni ozgina bo‘lsa ham maydonda o‘tkazdim. Ammo uch kundan so‘ng navbatdagi uchrashuvni televizorda ko‘rish qiyin bo‘ldi. Bu kayfiyatimga ham ta’sir qildi. Yuz bergan ishlardan siqildim. Lekin yonimdagilar ruhiyatimni ko‘tarishdi. Jarohat ham futbolning bir qismi, tezda ruhiy tomondan sinib qolmagin deb dalda bo‘ldilar. Vadim Karlenovich tezroq sog‘ayib safga qaytsang xursand bo‘lamiz dedi.

— Singapurni yirik hisobda yutgan jamoamiz nima uchun Yamanga qarshi qiynaldi deb o‘ylaysiz?
— Birinchi o‘yinni o‘tkazganimizdan keyin baribir Yaman terma jamoasi ham bizni o‘rganadi. Shunga yarasha tayyorlanadi. Raqib barcha jamoadoshlarimning yaxshi formadaligini ko‘rdi. Shuning uchun ham ularni tayyorgarligi yaxshi bo‘ldi deb o‘ylayman. Ammo ulardan ko‘ra terma jamoamiz o‘yinga jiddiy tayyorlangandi va shuning uchun haqli g‘alaba qozondik.

— Saudiya Arabistoniga qarshi o‘tadigan markaziy o‘yin oldidan nima degan bo‘lardingiz?
— Maydonda jang bo‘ladi. Buni futbolchilar yaxshi tushunib turishibdi. Ikkala jamoa ham yaxshi tayyorgarlik ko‘rib maydonga g‘alaba uchun tushishadi. Ammo terma jamoamizga ishonaman. Zo‘r o‘yin bo‘ladi.

— Jarohatga qadar yaxshi sport formasida edingiz. Endi yana oldingidek o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishingizga vaqt kerak. Bu borada xavotirlaringiz bormi?
— Jarohatdan keyin o‘z ustimda ikki barobar ko‘proq ishlab, yana oldingi sport formamga qaytishga harakat qilaman. Xavotirlarga berilmayapman.

— Darvoqe, sizga xorijdan ham takliflar bo‘layotgani xususida eshitib turibmiz…
— Bu haqida o‘zim bilmayman. Faqat “Paxtakor” klubidan so‘rasanglar ma’qul bo‘lardi. Chunki menda bu borada hech qanday ma’lumot yo‘q.

— Qachon legionerga aylanish niyatingiz bor?
— Rejam bo‘yicha qishda ketishni niyat qilib turibman.

Shuhratbek Jo‘rayev



Source link

You may also like

Leave a Comment