Home futbol Haqoratlangan AFSONA

Haqoratlangan AFSONA

by admin


Bugun Tokio-2020 Olimpiadasida ochilish marosimi bo’lib o’tishidan xabaringiz bor.

Tadbir Toshkent vaqti bilan 16:00da boshlanadi va Tokio Milliy stadionida o’tkaziladi.

Bugun ishga kelish uchun bekatda avtobus kutib turarkanman bir xabar meni juda ham hayron qoldirdi: Ochilish marosimida delegaciyamiz bayroqdorlari o’zgaribdi. Oksana CHusovitina va Bobousmon Boturov o’rniga Bahodir Jalolov hamda Nigora Tursunqulova bayrog’imizni ko’tarib chiqadigan bo’lishibdi. Bu malumotni o’qirkanman, darhol «Olamsport.com»ni jonkuyar xodimi Aziz To’xtamurodovdan ayrim malumotlarni so’rashga tushdim. Bu orada esa men kutib turgan 77-avtobus bekatga kelib ketib ham bo’lganini payqamay qolibman. Xullas, asabiylasha boshladim… Avtobus ketib qolgani uchun emas, AFSONAni «haqorat qilishgani» sabab.

Oksana CHusovitinaning birinchi Olimpiadasi Barselona-1992 bo’lgan. Men unda 2 yosh bo’lganman. Hozir esa uch nafar farzandim bor, Oksana opa esa hamon Olimpiadada yuribdi. Aqlimni taniganimdan beri hamisha yirik musobaqalarda ishtirok etib keladigan sportimizning tirik afsonasi hisoblanadi u. Odatda, sport gimnastikasida sportchilar 10 yil ham shug’ullanishmaydi. Ko’pchilik 20-22 yoshlarda ham faoliyatini tugatib qo’ya qoladi. CHusovitina esa 46 yoshda Olimpiadada qatnashmoqda, 46 yoshda…

Foto: Anvar Ilyasov.

Yodimda, bir necha yil oldin «Olamsport.com» sayti bosh muharriri Kamoliddin Alimov xodimlardan sportimiz tarixidagi eng yorqin vakillar, yani afsonalar sifatida kimlarni hisoblaysiz mazmunidagi savolni tashlaganida shaxsan o’zim eng birinchilardan bo’lib Oksana CHusovitinani sanagandim. Deyarli hamma xodimlar uni etirof etishgan. Men uchun u tirik afsona. CHusovitina nafaqat o’zbek sporti, balki Olimpiada AFSONAsi. Bunga shak-shubha yo’q.

2017 yilning 8-iyunida afsonaviy sportchimiz intervyu berish uchun ofisimizga tashrif buyurgan. O’zim «Championat.asia» saytida faoliyat yuritaman, «Olamsport.com» uchun esa zarur bo’lganda suratlar olib beraman. O’shanda ham Kamoliddin aka so’raganlaridan keyin. Bu safar esa mendan kimdir intervyu jarayonini rasmga olib berishni so’rashi shart bo’lmadi. CHunki, ofisimizga afsonaning o’zi kelgandi. O’sha intervyu o’zgacha ko’rinish olgandi. Suhbat tugaganidan keyin jurnalistlardan tashqari, hisobchi, texnik xodim, programistlarimizgacha ijodiy guruh ishlaydigan xonaga tushib kelishgan. Hammalarining maqsadi — CHusovitina bilan birga suratga tushish.

Haqiqiy afsona juda ham oddiy inson, gap-so’zlarida bir tomchi ham kibrni sezmaganman. Juda oddiy va samimiy inson. O’sha kundan keyin ularga bo’lgan hurmatim karrasiga oshgandi. Bungacha ularni bevosita emas, bilvosita bilardim va muxlis o’laroq hurmat qilardim. Yuzma-yuz ko’rishgandan va o’zaro suhbatdan keyin esa Oksana opa tasavvurimdagidan ham yaxshiroq «shaxs» ekanligiga amin bo’lganman.

5 iyul sanasida «Olamsport.com»da Oksana CHusovitina Tokio-2020da bayroqdorimiz bo’lishi uchun bir necha sabablarni keltirib maqola yozilgandi. O’sha maqolada hammasi aniq-tiniq keltirilgan.

Tokio Olimpiadasida Oksana CHusovitinani bayroqdor qilish uchun bir necha sabab

Keyinchalik bayroqdor ikki nafar bo’lishini bilganimda o’zimcha bunga eng loyiq sportchilarimiz Oksana CHusovitina va Bahodir Jalolov bo’lsa kerak deb o’yladim. 17 iyulda O’zbekiston Milliy Olimpiya qo’mitasi rasmiy saytida CHusovitina hamda bokschi Bobousmon Baturovlar bayroqdor bo’lishlari haqida xabar chiqdi. Jalolov 2016 yil Rioda bayrog’imizni ko’targan va bu safar bu sharafdan quruq qolsa unchalik ranjimasa kerak degan hayol o’tdi va CHusovitina uchun xursand bo’ldim.

Ammo… Bugun ko’pchilikni hayratga solgan xabar chiqib keldi. O’zbekiston Milliy Olimpiya qo’mitasi Bosh kotibi Oybek Qosimov «O’zbekiston 24» telekanaliga intervyu bergan. Unda Qosimov quyidagi so’zlarni aytib o’tgan: «O’zbekiston bayroqdorini tayinlashda avvalambor har bir sport turida musobaqalar jadvalini inobatga olgan holda, qolaversa barcha sportchi, delegaciya azolarining fikrini inobatga olib, bokschimiz Bahodir Jalolov va taekvondochimiz Nigora Tursunqulovaga ishonib topshirildi».

Aytaveramiz va qaytaveramiz: O’zbekiston delegaciyasi o’z bayroqdorini o’zgartirgani malum bo’ldi

Foto: Anvar Ilyasov.

Delegaciya azolari va sportchilar sakkizinchi Olimpiadasiga borgan afsonaga ovoz berishmabdi. Bo’lib ham bu Oksana opa uchun oxirgi Olimpiada. Bu darajadagi afsonamizni qoyillatib kuzatib qo’yishni ham eplolmaydigan bo’lyapmiz. Jalolovga hech qanday etiroz yo’q, potencial oltin medal keltiradigan va nomdor sportchimiz. Lekin, CHusovitina nega «chopilgani»ga tushuna olmayapman. CHusovitinaga potencial oltin medal egasi sifatida qarash to’g’ri bo’lmaydi. U afsona va shuncha yil davomida qilib qo’ygan va tarix zarvaraqlariga zarhal harflar bilan yoziladigan ishlari uchun ham bayroq ko’tarishi kerak edi. Bu erda taekvondochi qizimiz Nigora Tursunqulovaga hech qanday adovatimiz yoki boshqa yomon hislarimiz yo’q. SHunchaki, CHusovitinadek afsona turganda boshqa sportchi qizlarimiz bayroq ko’tarib chiqishi to’g’ri emasdi, menimcha.

Bayroqdorlarimiz o’zgargani haqidagi xabardan malum vaqt o’tgach, Sputnik Uzbekistan nashri CHusovitinadan bu haqda fikr oldi. Sportchimiz shunday degan: «Bilasizmi, nima uchun bayroqdorlikni olib qo’yishganini menga tushuntirishmadi. SHunchaki meni bormasligimni aytishdi, tamom.

Motivaciyani o’ldirishdi. Bunday qilish mumkin emas. SHunchaki tushuntirsa bo’ladiku, barchamiz odammiz, tushunamiz».

Sportchimizning yuqoridagi so’zlarini o’qib boyagi asabiylashish yanada kuchaydi. Oksana opaning ahvolini tushuna olmayman, bunaqangi holatda kishini tushunish uchun shunday holga tushish kerak. Menga tushuntirishmadi… tushuntirsa bo’ladiku… motivaciyani o’ldirishdi… SHunday afsonani so’nggi Olimpiadasida alo darajada kuzatib qo’yishni «qoyillatayotganlar»ga «rahmat»!!!

Men uchun bugun bayrog’imizni Ochilish marosimida ko’tarib chiqishga eng munosib sportchimiz Oksana CHusovitina. Undan bu sharafni olib qo’yilishi uning darajasi va hurmatini ozaytirib qo’ymaydi. Men uchun «oltin zanglamas» iborasiga har tomonlama mos tushadigan sportchi u. SHunchaki, Olimpiadadagi eng «katta» sportchimizga juda katta ruhiy zarba berishdi.

Foto: Anvar Ilyasov.

You may also like

Leave a Comment