Home Без рубрики Hamma ham Shomurodov bo‘lolmaydi!

Hamma ham Shomurodov bo‘lolmaydi!

by admin


Eldor Shomurodovning A Seriyadagi muvaffaqiyatli debyut mavsumidan keyin Italiya klublari Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hududida tarbiyalangan futbolchilarga e’tibor qarata boshlagani haqida yozgan edik.

Xususan, genuyaliklar “Paxtakor” o‘yinchisi Ibrohimxalil Yo‘ldoshev, Ukrainaning  “Dinamo Kiyev” jamoasi hujumchisi Vladislav Supryaga va “Dnepr” klubi futbolchisi Artyom Dovbik va “Bayer”ga o‘tib ketgan rossiyalik darvozabon Andrey Lunyovni o‘z tarkibiga qo‘shib olish maqsadida ular bilan muzokaraga kirishgani bor gap.

Bu futbolchilar orasida Vladislav Supryaganing transferi deyarli hal bo‘lgan edi. “Jenoa” va “Dinamo” mutasaddilari transfer borasida kelishuvga erishgan bir paytda genuyaliklar muzokaralarni oxiriga yetkazmay, to‘xtatib qo‘ydi.

Vaziyatni tahlil qilib borayotgan mutaxassislar bunga asosiy sabab sifatida Italiya A Seriyasining xorijlik debyutantlar uchun murakkabligi bilan izohlamoqda. To‘g‘ri, MDH hududidan kelgan Eldor Shomurodov ilk mavsumida nimalarga qodirligini isbotlab qo‘ydi va bugungi kunda “Yuventus” va “Roma” kabi mashhur klublar e’tiborini tortmoqda. Lekin ekspertlar hamma ham Eldor kabi mehnatkash va tez moslanuvchan bo‘la olmasligini ta’kidlamoqda.

“Jenoa” kelasi mavsumda Eldor Shomurodovga ko‘proq o‘yin vaqti taqdim etib, to‘purarlik mahoratini namoyish etishiga yo‘l ochib bermoqchi. Bu birinchi navbatda, Shomurodovning transfer narxini ko‘tarishga qaratilgan yo‘l. “Jenoa” baribir hujumchimizni shartnoma oxirigacha ushlab turmaydi.

Shu sabab genuyaliklar kelajak uchun hujumchi qidirmoqda. Ayni paytda ular e’tiborini “Atalanta”ning niderlandiyalik hujumchisi Sem Lammersga qaratgan. Bergamoliklar bu transfer bo‘yicha taklif qilayotgan variant ham “Jenoa” rahbariyatini Vladislav Supryaga variantidan voz kechishiga olib keldi.

Unga ko‘ra, “Atalanta” rahbarlari agar “Jenoa” Lammersni keyinchalik sotib olishini kafolatlasa, niderlandiyalik hujumchini bir yoki ikki mavsumga Genuyaga bepul ijaraga jo‘natishga rozi. Biroq, “Atalanta” ushbu transfer shartnomasiga Semni qayta sotib olish huquqini ham kiritib qo‘yishini ta’kilamoqda.

Bundan tashqari, Genuya klubi rahbarlariga 24 yoshli Sem Lammersning Vladislav Supryagadan farqli ravishda A Seriyaga moslashgani ma’qul kelmoqda. Bungacha PSV va “Xerenven”da to‘p tepgan Sem joriy yilning boshida “Atalanta”ga qo‘shildi va A Seriyaning ikkinchi yarmida 15 ta uchrashuvda maydonga tushib, bir juft gol urishga erishdi.

“Dinamo Kiyev” rahbariyati esa, “Jenoa” dan taklif olganidan keyin Supryaganing transferini 9 million yevroga baholadi va bu summaning katta qismini birdaniga to‘lashni talabni qilmoqda.

Ushbu holatlarni tahlil qilib chiqqan genuyaliklar Sem Lammersning transferini amalga oshirishga bel bog‘ladi. O‘tgan mavsumda jamoa hujum chizig‘ida Eldor Shomurodovdan tashqari, makedoniyalik Goran Pandev, xorvatiyalik Marko Pyatsa, serra-leonelik Yaya Kallon, italiyalik Mattia Destro, Juzeppe Kaso va Janluka Skamakka to‘p tepdi. Ularning aksariyati yangi  mavsumni ham Genuya klubida o‘tkazishi kutilmoqda.

Ayni paytda “Jenoa” futbolchilari yozgi tayyorgarlikning dastlabki bosqichini Avstriyada tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida o‘tamoqda.



Source link

You may also like

Leave a Comment