Home Без рубрики Futbol ehtiroslari va umidsizliklar: bu yog‘iga nima bo‘ladi?

Futbol ehtiroslari va umidsizliklar: bu yog‘iga nima bo‘ladi?

by admin


Mana, «Jahon chempionatiga yetishamiz» deb atalmish ushalmas orzu yana bir bor armonligicha qolib ketdi. Millionlab charm to‘p ixlosmandlari uchun erishib bo‘lmas ro‘yo sakkizinchi saralashdan so‘ng yana cho‘pchakka aylandi. Saudiya Arabistoni terma jamoasidan qabul qilib olingan qaqshatqich mag‘lubiyat eng so‘nggi ilinjni ham chippakka chiqardi.

Avvalgi saralash bosqichlarida gollar miqdoridagi arzimas farq, hakamlarning bema’ni xatolari, asosiy raqiblarning xufiyona til biriktirishlari kabi sabablar tufayli maqsadga erishishimiz uchun eng so‘nggi damda bir bahya qolgan bo‘lsa, bu safar natija dilni xufton qilgudek achinarli ko‘rinish oldi. Mamlakatimiz terma jamoasi nafaqat hal qiluvchi bosqichdan o‘ta olishmadi, balki unga yaqinlashishga ham ojizlik qilib, dastlabki davradayoq kurashni yig‘ishtirib qo‘ydi.

Bu jamoamiz tarixida ilk bor ro‘y berdi. Futbol bobida hatto Osiyo darajasida ip esha olmaydigan mamlakatlar jamoalaridan tashkil topgan guruhdan ikkinchi o‘rinni egallab bo‘lsa ham navbatdagi bosqichga olib chiqish vazifasini maktab jismoniy tarbiya o‘qituvchisi ham uddalardi. 15-o‘rinni band etib, qit’aning kuchli 12 jamoasi sirasiga ham kira olmadik, attang.

Millionlar o‘yini bugungi kunda davlatlarning nufuzini belgilovchi omilga aylangani sir emas. O‘zbek futbolining xalqaro maydondagi mavqeyi mamlakatimizning siyosiy obro‘siga, yangilanayotgan O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatiga mos keladimi, degan haqli savol tug‘iladi.

Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga juda katta e’tibor qaratilyapti, soha millatni sog‘lomlashtiruvchi omil sifatida baholanmoqda. Mamlakat bo‘ylab tashkil qilingan futbol markazlari, ixtisoslashtirilgan maktablar hamda seksiyalarda yuz minglab o‘smirlar — o‘g‘il bolalar va qizlar shug‘ullanmoqda. O‘smirlar hamda yoshlar terma jamoalarining xalqaro musobaqalardagi yutuqlari futbolimiz mustahkam poydevorga asoslanganidan dalolat beradi. Ammo milliy terma jamoani shakllantirib, jahonning yirik musobaqalarida muvaffaqiyatli to‘p surishini ta’minlash hamon negadir oqsamoqda. Zaminimiz azaldan iqtidorlarga boy bo‘la turib, maydonda chorig‘imizni arang sudrab yurishimiz yanada alamli.

Futbol bobida maslahatgo‘ylar bisyor. Uy bekasidan tortib, akademiklargacha, zero, xalqchil sport turi barchaning qalbidan chuqur o‘rin olgan. Men ham mutaxassislikka da’vo qilmasdan, yarim asrlik muxlis sifatida o‘z fikrlarimni qog‘ozga tushirdim.

Hozir O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasini mas’uliyatni his qiluvchi, bu sohada tartib o‘rnatishni chin dildan xohlovchi taniqli rahbarlar boshqarmoqda. O‘zini oqlamaydigan yangilik yaratishni yaxshi ko‘radigan, izzat-nafsi yuqori bosh murabbiy Vadim Abramovning xatti-harakatlari barcha urinishlarga soya solgandek. Darvoqe, delegatsiyamiz tarkibida terma jamoalar markazi rahbari Azizbek Haydarov ko‘zga tashlanmadi. Futbolga e’tiqodi baland bir so‘zli mutaxassis saudiyaliklar bilan kechgan o‘yindagi
bemazagarchiliklarga yo‘l qo‘ymagan bo‘lardi.

Umuman, mamlakatimizda vatanparvar, ruhi toblangan, raqiblarga izn bermaydigan, futbol jamoatchiligiga yangi O‘zbekistonni namoyish qilish istagidagi charm to‘p ustalari ko‘plab topiladi. Xuddi charm qo‘lqop ustalari kabi. Boshqa kamchiliklarni inkor etmagan holda, terma jamoamizning asosiy muammosi, uning eng nozik joyi malakali murabbiyning yo‘qligida, deb hisoblayman.

Bu muammo birdan paydo bo‘lmadi. O‘tgan saralash bosqichida mazkur mas’uliyatli vazifa avvallari, hatto, bolalar jamoalariga murabbiylik qilmagan Samvel Babayanga ishonib topshirildi. Yaxshi menejerligi aytildi, bo‘lsa bordir. Ammo afsuski, «O‘zbekiston terma jamoasiga yangi futbol falsafasini singdirish»ni va’da qilgan insonning urinishi barchamizga qimmatga tushdi.

O‘sha kezdagi rahbariyat masalani uzil-kesil hal qilish xorijiy murabbiyga bog‘liq, deya hisoblab, argentinalik mutaxassisni taklif etdi. Ilgari qandaydir jamoani jahon chempionatiga olib chiqqan Ektor Kuper O‘zbekistonga kelar ekan, ushbu daromadli lavozimda imkon qadar uzoqroq qolishni niyat qilgani ko‘zga tashlanib qoldi. Argentinalik murabbiyning qarashlari davr talabidan ortda qolganligi dastlabki uchrashuvlardanoq oydinlashdi. Zamonaviy futbol taktikasi va strategiyasini his etmadi. Maydonda harakatlanayotganlarga amallab gol o‘tkazib yubormaslik, u yog‘iga esa bir gap bo‘lar, qabilida ko‘rsatmalar berdi.

O‘zbek futbolining hujumkor an’analaridan yiroq mutaxassis mudofaa taktikasiga urg‘u berdi. Shunga moslab jamoa tuzdi. Uning iste’fosi bizga ikki hissa qimmatga tushdi. Bir necha million dollar tovon puli to‘laganimiz yetmaganidek, jamoamizdan uch ochko olib qo‘yildi. Aynan shu ochkolar «Qatar — 2022»ga chiqishda kurashni davom ettirishimiz uchun juda zarur edi.

Shundan so‘ng Vadim Abramov nomzodiga qaytildi. Tajribali, durust mutaxassis, u bilan o‘n yil avval Osiyo chempionatining yarim finaliga chiqqan edik. Afsuski, Abramov kasbiy mahorat bobida o‘sishdan to‘xtab qolgan edi. Uning qo‘li ostidagi jamoa «Babayan — Kuper» «merosi»dan qutula olmayapti. Tizimsiz, ma’nosiz to‘p surishda davom etayotir. Alamli yakunlangan Saudiya Arabistoni yashil maydonlaridagi saralash bosqichida bu holat yaqqol namoyon bo‘ldi. Taktika borasida yamanliklar va saudiyaliklar murabbiylari Abramovni dog‘da qoldirdi. Tarkib borasida tushunarsiz tajribalari bilan dong taratgan murabbiyimiz bu gal ham o‘z qarashiga sodiq qoldi. Natijasi esa barchamizga ma’lum.

Jamoa dispetcheri, hujumkor yarimhimoyachi Odil Ahmedovni himoya markaziga qo‘yib, kimni dog‘da qoldirmoqchi bo‘lgan edi? Bu amplua unga xos emasligi ayon edi-ku! Tezkor raqib hujumchilari vakilimizdan qochib ketib, darvozani ikki bor ishg‘ol qilgani fikrimizni tasdiqlaydi. Hal qiluvchi uchrashuvda tarkibdan joy bermasa, ishonch bildirmasa tajribali To‘xtaxo‘jayevni, bo‘ydor Qobilov va Eshmurodovni nega jalb qildi jamoaga?

Abramov xuddi shu kabi «fint»ni 2011 yilgi Osiyo chempionatida ham qo‘llagandi. Medallar uchun kechgan asosiy bahslarda yosh, ammo ko‘zga tashlanib ulgurgan Odil Ahmedovni himoyaning markaziga joylashtirdi. O‘shanda ham har ikki muhim va so‘nggi o‘yinlarda mag‘lub bo‘lib, to‘rtinchi o‘rinda qolib ketdik.

Eng navqiron yillari ortda qolgan, besh yildirki terma jamoaga jalb etilmayotgan Oleg Zoteyevni Arabistonga nega olib bordi? Faoliyatiga xorijda yakun yasayotgan futbolchi sheriklariga kirishib ketolmayotgani dastlabki o‘yindayoq sezildi. Shunga qaramasdan, hal qiluvchi bahsda qanot himoyachisiga dispetcherlik vazifasi topshirildi. Shomurodovga hujumda yordam berayotgan Jaloliddin Masharipovni esa tushunarsiz sabablarga ko‘ra hujum chizig‘idan yiroqlashtirdi.

Axir u jamoaning yetakchilaridan biri edi. Murabbiy «karomati» bilan Masharipov himoya va hujum chizig‘imiz o‘rtasida bo‘zchining mokisidek samarasiz harakatlanishga majbur bo‘ldi. Kamiga o‘zimizning «Maurinyo» bunday o‘ta mas’uliyatli uchrashuvda naqd to‘qqiz yil jamoaga taklif etilmagan V.Galiullinni maydonga chiqardi. Bu bilan u jamoamizni avvaldan muvaffaqiyatsizlikka yuz tutishini ta’minladi. Murabbiyning ko‘rsatmasi bilan vakillarimizning uchdan bir qismi o‘ziga xos bo‘lmagan vazifani bajarishga majbur bo‘ldi. Ya’ni jamoaning quvvati ongli ravishda 30 foizga pasaytirildi.

Yakuniy matbuot anjumanida esa jamoa mag‘lubiyatini va hatto bitta to‘p kirita olmaganini tushunmayotganini bayon qildi. Maydondagi vaziyatga asosiy mas’ul bo‘lgan inson yo‘l qo‘ygan qo‘pol, tuturuqsiz xatolarni so‘nggi 15 daqiqada zaxiradan tushirilgan yoshlar o‘nglashga harakat qildi. Ular uchrashuv poyonida raqiblarini o‘z maydonida qamal qildi. Ammo kech bo‘lgan edi.
Babayan — Kuper — Abramov uchligining faoliyati bizga qimmatga tushdi — FIFA reytingida 54-o‘rindan dastlabki yuztalikning so‘nggi pog‘onalariga «quladik».

Afsuski, boy berilganni qaytarib bo‘lmaydi. Yashashda, intilishda davom etish zarur. Oldinda «Osiyo — 2023» chempionati, «Parij — 2024» Olimpiadasi, 2026 yilgi jahon chempionati turibdi. Ularga hozirdan tayyorgarlik ko‘rish kerak.

Shu o‘rinda ayrim takliflarni ilgari surmoqchiman. Mamlakat terma jamoalari, jumladan, ayollar jamoalari murabbiylarini tayyorlash tizimini qayta ko‘rib chiqish zarur. Murabbiylarning aksariyati avval to‘p surgan o‘yinchilar. Barchasini ham zamon talablariga javob beradigan professional ma’lumotga ega, deb bo‘lmaydi. Tajribali, yuqori malakali ustozlardan o‘rganish nasib etganlari ham ko‘p emas.

O‘z vaqtida mamlakatimizda faoliyat olib borgan Skolari, Ziko, Rivaldoning O‘zbekistonga kelishi mahalliy murabbiy va futbolchilar malakasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan, deb hisoblayman. Mashhur braziliyaliklar ham biz kabi inson ekanliklariga ishonch hosil qildik. Farqi — futbolga bo‘lgan munosabatida ko‘rindi.

Istiqbolli murabbiylarimizdan M. Qosimov, R. Berdiyev, T. Kapadze, B. Ashurmatov, S. Jeparov kabilarni xorijiy mamlakatlarga tajriba almashishga yuborish maqsadga muvofiq. Ular qatori ayollar, bolalar va yoshlar jamoalari ustozlari ham yuqoridagi tartibda malaka oshirishlari kerak. Futbol klublarini oqilona boshqarish uchun menejerlar ham zarur.

Masalaning amaliy jihati katta muammo tug‘dirmaydi. Birinchidan, O‘zbekiston Yevropadagi «Top — 5» futbol mamlakatlari bilan mustahkam diplomatik munosabatlarni yo‘lga qo‘ygan. Ushbu mamlakatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan elchixonalarimiz barcha amaliy masalalarni hal qiladi. Qolaversa, ko‘hna qit’adagi yetakchi futbol davlatlari bilan madaniy-gumanitar sohada hamkorlik yuzasidan hukumatlararo bitimlar tuzilgan.

Ikkinchidan, Osiyoda joylashganimiz bois ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqib hisoblanmaymiz. Shu sababli o‘zbek mutaxassislarining «Real» yoki «Barselona»da malaka oshirishiga mezbonlar qarshi bo‘lmasliklari tayin.

Uchinchidan, masalaning moddiy-moliyaviy jihati ham o‘ta murakkab muammo emas. Har bir mamlakat va klub bilan alohida kelishib olsa bo‘ladi (joylashtirish, ovqatlanish, o‘quv-mashg‘ulot hamda musobaqa jarayonlarida ishtirok etish va hokazo). Dastlabki xomcho‘tlarga ko‘ra, bir nafar mutaxassisning bir yillik stajirovkasi 100 — 120 ming dollarga to‘g‘ri keladi. O‘zga davlatga jo‘nab ketish oldidan Toshkentda til o‘rganish xarajatlari bundan mustasno. Malaka oshirishdan keladigan samara qilingan xarajatlarni bir necha barobar qoplaydi.

Navbatdagi taklif — O‘zbekistonda sport sohasida huquqshunoslar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilmagani bilan bog‘liq. Faoliyatini xorijda davom ettirish niyatida shartnoma imzolayotgan sportchilar soni esa yildan-yilga ortib bormoqda.

Professionallar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lishdek salohiyatga ega bokschimiz Shohjahon Ergashev, futbolchilarimiz Oston O‘runov va Jasur Jaloliddinovni misol tariqasida keltirish mumkin. Nopok agentlar tomonidan aksariyat hollarda manfaatsiz shartnomalar taklif qilinishi iqtidor egalarini qiyin ahvolga solib qo‘yadi. Sudga keyingi murojaatlar ham natija bermaydi.

Shartnomani imzolashdan oldin hujjat sport sohasidagi xalqaro huquqshunos tomonidan ko‘rib chiqilishi amaliyoti mavjud emas. Pishib yetilgan ushbu masala o‘z yechimini kutmoqda.

Maqolada tilga olinganlarning aksariyati haqiqiy futbol jonkuyarlari tomonidan anchadan buyon muhokama qilinmoqda. Shunday esa-da, masalani, uni hal etish yo‘llarini izlashni matbuotga olib chiqmaymiz, go‘yoki bu ishni birov qilib beradigandek. Muammo esa chigallashaveradi. Yangilanayotgan O‘zbekistonga munosib futbolni shakllantirish, uni yuqori darajaga olib chiqish uchun ochiq muloqot o‘rnatish vaqti keldi.

Sportga, futbolga berilayotgan ulkan e’tibor, sarflanayotgan xarajatlarni inobatga oladigan bo‘lsak, charm to‘p ustalari xalq oldida, millionlar o‘yini ixlosmandlari nazdida qarzdorlar — uni uzish fursati yetdi. Futbolchilar ham buni yaxshi anglab, astoydil bel bog‘lab turishibdi. Ularga zarur tashkiliy-uslubiy ko‘mak zarur xolos. Shunda jahon stadionlari uzra O‘zbekiston bayrog‘i hilpiraydigan, madhiyasi yangraydigan kunlarga yetishamiz, albatta.

Shoqosim SHOISLOMOV,
56 yillik futbol ixlosmandi



Source link

You may also like

Leave a Comment