Home Без рубрики Derdiyokning keyingi manzili va maoshini bilasizmi?

Derdiyokning keyingi manzili va maoshini bilasizmi?

by admin


Bugun O‘zPFL «Paxtakor» va Eren Derdiyok o‘rtasidagi shartnoma bekor qilinganini ma’lum qildi. Shveysariyalik futbolchi endi erkin agent sifatida yangi jamoa bilan bitim imzolashi mumkin. Bunga o‘tishdan oldin uning «Paxtakor»dagi faoliyatiga nazar solamiz.

Omadsiz transfer?
Derdiyok «Paxtakor»ga 2020 yilning yanvarida Shota Arveladze tomonidan olib kelindi. Toshkent klubi ishqibozlarining fikricha, mazkur o‘tish jamoa tarixidagi omadsiz transferlardan biri hisoblanadi. Ular 2 narsadan norozi: Eren o‘ziga to‘langan maosh darajasida o‘ynolmagani va u tufayli Igor Sergeyev ketkazib yuborilgani.

Ma’lumot uchun, 33 yoshli forvard «sherlar» libosida 46 uchrashuv o‘tkazib, 18 golga mualliflik qilishni uddaladi. Gollardan 12 tasi Superliga, 3 tasi OCHL, qolgan 3 tasi O‘zbekiston kubogi bahslarida urilgan.

Ushbu transfer klub uchun qanchalik omadli bo‘ldi? Yuqoridagi ma’lumotlar asosida o‘zingiz xulosa yasashingiz mumkin. Biz esa shveysariyalik forvardning keyingi manzili haqida fikr yuritamiz.

Turkiya
Derdiyok ayni paytda Turkiyada bo‘lib turibdi. Eslatib o‘tamiz, u 2014-2019 yillarda mazkur o‘lkaning «Galatasaroy», «Gyoztepe» va «Qosimposho» klublari sharafini himoya qilgan edi. U 5 yil davomida Turkiya Superligasida 106 uchrashuv o‘tkazib, 35 bor o‘z nomini tabloga yozdirishni uddalagan. Biroq, uning yangi jamoasi Superliga vakili bo‘lmaydi.

«Anqaragyuchu»
Turk Superligasining 2020-21 yilgi mavsum yakuniga ko‘ra, poytaxtning «Anqaragyuchu» klubi quyi divizionga ravona bo‘ldi. Ayni paytda jamoa ustozi Mustafo Dalchi yangi mavsum uchun kerakli futbolchilarni yig‘ish bilan band. Aytishlaricha, Erenning yangi klubi aynan «Anqaragyuchu» bo‘ladi. Bu haqda turk matbuoti oxirgi 24 soatda bong urdi. Derdiyokning transferi hafta oxiriga qadar e’lon qilinishi kutilmoqda.

Maosh
«Paxtakor» matbuot xizmati 18 iyun kuni Erenning yillik maoshi 1,3 mln yevro ekani haqida ma’lumot bergan edi. Shveysariya terma jamoasining sobiq forvardi Anqarada Toshkentdagiga nisbatan 3 barobar kamroq pul topadi. «Hürriyet» gazetasining ma’lum qilishicha, Derdiyokning «Anqaragyuchu»dagi yillik maoshi 400 ming yevro atrofida bo‘ladi.

Muallif: Faxriddin Ro’ziyev



Source link

You may also like

Leave a Comment